Xalqaro faoliyat
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Urgut filiali (keyingi o‘rinlarda – Filial) xalqaro hamkorlik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-sonli “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, 2019-yil 8-oktabrdagi
PF-5847-sonli “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni,
2020-yil 29-oktabrdagi PF-6097-sonli “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyuldagi VMQ-606-sonli qarori va boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirib kelmoqda.
Filial hozirgi kunda 8 ta xorijiy davlatlarning 12 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Angliyaning Norvich tillarni o‘qitish instituti (Norwich Institute for Language Education), Italiyaning Kamerino universiteti (University of Camerino), Malayziyaning Osiyo-Tinch okeani texnalogiyalar va innovatsiyalar universiteti (Asia Pacific University of Technology and Innovation, APU), Qirg‘iziston Respublikasining B.Siddiqov nomidagi Qirg‘iz-O‘zbek xalqaro universiteti, O‘sh davlat universiteti, Rossiya Federatsiyasining L.N.Tolstoy nomidagi Tula davlat pedagogika universiteti, Altay davlat universiteti, G. R. Derjavin nomidagi Tambov davlat universiteti, Kozma Minin nomidagi Nijniy Novgorod davlat pedagogika universiteti, Gruziyaning Xalqaro Qora dengiz universiteti (International Black Sea University), Tojikiston Respublikasining Xo‘jand pedagogika instituti, Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-G‘arbiy pedagogika universiteti (Northwest Normal University) bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Filial ushbu hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-tadqiqot faoliyati va ta’lim sohasidagi tashabbuslarni muntazam ravishda rivojlantirib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda uning samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Xususan, 2025-yil 13-fevral kuni Malayziyaning Malayziyaning Osiyo Tinch-Okeani texnologiyalar va innovatsiyalar (Asia Pacific University of Technology and Innovation (APU)) universitetidan sifat bo‘yicha direktor Nur Zahdi Aldin hamda Xalqaro aloqalar bo‘limining MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy vakili Aziza Alimovalardan iborat delegatsiya a’zolari filialiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida filial rahbariyati hamda delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, talaba almashinuv dasturlarini amalga oshirish, qo‘shma tashabbuslar va boshqa dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Shuningdek, delegatsiya a’zolari tomonidan filial professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun seminar-trening o‘tkazilib, APUda ta’lim jarayonlari tashkil etilishi, xalqaro talabalar uchun yaratilgan qulayliklar, ta’lim dasturlari hamda universitetning global miqyosdagi yutuqlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Tashrif doirasida filial mas’ullari tomonidan delegatsiya a’zolari uchun Samarqand viloyati va Urgut tumanining tarixiy-madaniy yodgorliklariga sayohat tashkil etildi.




2025-yil 15-fevral kuni Malayziyaning Sulton Idris nomidagi Pedagogika universiteti Hisoblash va Meta-texnologiyalar fakulteti direktori, professor Dr. Che Zalina Zulkifli Filialiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida, Professor tomonidan filial professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalari uchun grant dasturlari, SCOPUS va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida maqola chop etish jarayonlari kabi dolzarb mavzularda seminar-trening o‘tkazildi. Shuningdek, Sulton Idris universitetidagi bakalavriat, magistratura va PhD dasturlari, xalqaro talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ilmiy va ta’lim grantlari bo‘yicha keng qamrovli ma’lumot berildi.
Tashrif so‘ngida, tomonlar o‘rtasida malaka oshirish, stajirovka, yozgi ta’lim dasturlarida ishtirok etish, ilmiy nashrlar va konferensiyalarni tashkil etishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.




2025-yil 21-fevral kuni Filialiga Malayziyaning Putra universiteti professori Roxana Dev Omar Dev Urgut tashrif buyurdi. Tashrif davomida professor tomonidan filial professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalari uchun seminar-treninglar hamda amaliy mahorat darslari o‘tkazildi. Shu bilan birga, Putra universitetidagi o‘quv jarayonlari, bakalavr, magistratura va PhD dasturlari, xalqaro talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim va ilmiy grantlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, talaba almashinuv dasturlarini rivojlantirish, malaka oshirish, stajirovka, yozgi akademik dasturlarda ishtirok etish, ilmiy nashrlar va qo‘shma konferensiyalar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar.


2025-yil 21–25-aprel kunlari filial direktori hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘idan iborat filial delegatsiyasining Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh davlat pedagogika universitetiga rasmiy tashrifi amalga oshirdilar.
Tashrif davomida universitet rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv tashkil etilib, unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, filial direktori tomonidan O‘sh davlat pedagogika universitetining Turizm yo‘nalishi 2-bosqich talabalari uchun “Samarqandning turistik imkoniyatlari” mavzusida ma’rifiy seminar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida kelgusida qo‘shma loyihalar, ilmiy-tadqiqot ishlari va o‘quv jarayonida tajriba almashinuvi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida filial hamda O‘sh davlat pedagogika universitetining Tabiiy fanlar, jismoniy tarbiya, turizm va qishloq xo‘jaligi texnologiyalari instituti o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma seminar-treninglar tashkil etish va boshqa hamkorlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan anglashuv memorandumi ham imzolandi.


2025-yil 15-may kuni filialga Rossiyaning Novosibirsk davlat texnika universiteti, Yuqori texnologiyalar laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari nomzodi Yekaterina Litvinova tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Yekaterina Litvinova tomonidan filial professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun seminar-treninglar hamda amaliy mahorat darslari o‘tkazildi. Shu bilan birga, mehmon Novosibirsk davlat texnika universitetidagi bakalavriat, magistratura va PhD dasturlari, xalqaro talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek universitet tomonidan taklif qilinadigan ta’lim va ilmiy grantlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Uchrashuv natijasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida kelajakdagi istiqbolli rejalar, talaba almashinuv dasturlari, malaka oshirish, stajirovka, yozgi akademik dasturlarda ishtirok etish, ilmiy nashrlar va konferensiyalarni tashkillashtirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.


Angliyaning Norwich tillarni o‘qitish instituti bilan o‘rnatilgan hamkorlik memorandumi doirasida 2025-yilning 29-may kuni filialning xorijiy til yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari uchun Norwich tillarni o‘qitish instituti saytida maxsus “Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Urgut filiali uchun 30 soatga mo‘ljallangan “Til va tillarni o‘qitish ko‘nikmalari” nomli (onlayn) mustaqil o‘quv kursi tashkil etildi. Filialning barcha xorijiy til yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan o‘quv kursi muvaffaqiyatli tugatilib, maxsus sertifikatlar qo‘lga kiritildi.
2025-yilning 16-18-iyun kunlari filialning Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri Mardiyev Begali Xudayqul o‘g‘li, kafedra professor-o‘qituvchilari Babakulov Ismoil Turkmanovich va Asrorov Akbar Abulxayovichlardan iborat filial delegatsiyasining Tojikiston Respublikasining Panjikent pedagogika institutiga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Tashriflar natijasida, Panjikent pedagogika instituti bilan filial o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolandi;
2025-yil 16–20-iyun kunlari filialining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari D.R. Mardonov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i A.V. Abdusalimovlardan iborat delegatsiyasining Gruziyaning Xalqaro Qora dengiz universitetiga (International Black Sea University) rasmiy tashrifi amalga oshirdi.
Tashrif davomida tomonlar ilmiy tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan konferensiya va simpoziumlarda o‘zaro ishtirokni ta’minlash, ilmiy maqolalar va tadqiqotlarni nashr etishda hamkorlik qilish, videokonferensiyalar tashkil etish hamda kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi ustuvor masalalarni muhokama qildilar.
Uchrashuv natijasida filial va Gruziyaning Xalqaro Qora dengiz universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi hamda Talaba almashinuv dasturi doirasidagi bitim imzolandi.

2025-yil 19-iyunidan 16-iyuligacha filialning Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari Yokubova Safiya Xamdamovna, Xamidova Umida Odilxonovna hamda Tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchisi Samiyev Rajab Akbarovichlar Turkiyaning Mug‘la Sıtkı Koçman Universitetida bir oylik malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tugatib qaytdilar.


Filial ta’lim jarayonlari jozibadorligini oshirish, xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga olib kirish, ilmiy salohiyatni oshirish va filial talabalarini dunyo miqyosda raqobatbardosh mutaxassislar qilib tarbiyalash maqsadida Turkiyaning Mug‘la Sıtkı Koçman universitetidan ikki nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar filialning Tillarni o‘qitish metodikasi hamda Tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi kafedralarida o‘quv jarayonlarini olib borish uchun jalb qilindi.
Turkiyaning Mug‘la Sitki Kuchman universitetidan filial o‘quv jarayonlariga jalb qilingan 2 nafar professor-o‘qituvchilar tomonidan filial professor-o‘qituvchilari uchun seminar-trening va mahorat darslari o‘tkazildi.


2025-yilning 4-6-noyabr kunlari filial Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Yazdonov Zikirillo Shukurilloyevich, Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakulteti dekani Omonov Sherzod Baxtiyor o‘g‘li, Tillarni o‘qitish metodikasi kafedra professori Babakulov Ismoil Turkmanovichlardan iborat filial delegatsiyasining Qozog‘istoning Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetiga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif davomida Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetining Filologiya fakulteti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi


Shuningdek, tashrif doirasida, filologiya fanlari doktori, professor Ismail Babakulov tomonidan Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetining talabalari uchun seminar o‘tkazildi. Seminar davomida professor tomonidan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik istiqbollari, zamonaviy filologiya yo‘nalishidagi tadqiqotlar hamda ta’limdagi innovatsion yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
2025-yil 24–26-oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Lanzhou shahrida Northwest Normal University tomonidan tashkil etilgan, Osiyo va Yevropa davlatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, olimlari va ekspertlari ishtirok etgan “3-Osiyo–Yevropa o‘qituvchilar ta’limi forumi” da filial Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari D.R. Mardonov ham faol ishtirok etib qaytdi.
Shuningdek, D.R. Mardonov Xitoy Xalq Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-G‘arbiy pedagogika universiteti (Northwest Normal University) rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar xususida kelishib olishdi.



2025-yilning 13-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-G‘arbiy pedagogika universiteti (Northwest Normal University) hamda filial o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi