Begona g'oyalarga qarshi immunitet
SamDU Urgut filialida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida “Radikalizm – jamiyat barqarorligiga tahdid” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda filial direktori v.v.b. Shavkat Berdiyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Zikirillo Yazdonov, direktor maslahatchisi Sanjar Eshonqulov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Jonibek Jumayev hamda markazning katta ilmiy xodimi Tohir Evadullayev ishtirok etdilar.

Tadbirni filial direktori kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda yoshlar ongiga yot va buzg‘unchi g‘oyalar singdirilayotgan bir paytda, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

“Radikalizm – bu nafaqat diniy, balki ma’naviy tahdid hamdir. Bizning maqsadimiz — talaba-yoshlar qalbida ma’rifat nurlarini yanada porlatish, ularni har qanday yot g‘oyalardan asrash va tafakkurini mustahkamlashdir. Jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkin,” — dedi Shavkat Berdiyev.

Tadbir davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari Jonibek Jumayev va Tohir Evadullayev radikalizm va ekstremizmning ijtimoiy-ruhiy ildizlari, ularning jamiyat barqarorligiga soladigan xavfi hamda diniy bag‘rikenglik, tinchlik va osoyishtalikni asrashdagi yoshlarning o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdilar.


Shuningdek, ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, bugungi kunda ma’naviy immunitetni mustahkamlash, sog‘lom tafakkurni targ‘ib etish har bir yoshning burchi ekani alohida ta’kidlandi.